Kateqoriya arxivləri: Saodat Muhamedova

“EHTIROMGA LOYIQ ATOQLI OLIMA, SHOIRA, DAVLAT ARBOBI – MAHIRE XONIM HUSENOVA HAQIDA QALB SO‘ZLARIM

Özbəkistanın Əlişir Nəvai adına Daşkənd Dövlət Dili və Ədəbiyyatı Universitetinin professoru Saodat Muhammedova ADPU-nun beynəlxalq əlaqələr üzrə prorektoru, professor Mahirə Nağı qızı Hüseynovaya ad günü ərəfəsində ürək sözlərini ünvanlayıb.

“EHTIROMGA LOYIQ ATOQLI OLIMA, SHOIRA, DAVLAT ARBOBI – MAHIRE XONIM HUSENOVA HAQIDA QALB SO‘ZLARIM

Ozarbayjon ilmining taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan tilshunos olima, pedagog, shoira, davlat va jamiyat arbobi, filologiya fanlari doktori, professor, Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Mahire xanim haqida maqola yozish ham sharafli, ham mas’uliyatlidir.
Xuddi olmosning turli qirralari bo‘lganidek, professor Mahire xanim Huseynova faoliyatining ham turli qirralari mavjud bo‘lib, ularning har biri ozarbayjon va boshqa qardosh xalqlarning ma’rifati, ilmini oshirish yo‘lida qilingan sermashaqqat mehnat mahsuli hisoblanadi. Mahire xanim tilshunoslikning leksikologiya, leksikografiya, terminologiya, dialektologiya, frazeologiya, so‘z yasalishi, fonetika, qiyosiy tilshunoslik, lingvokulturologiya, lingvopoetika, onomastika, lingvogeografiya, til o‘qitish metodikasi singari sohalarida ilmiy tadqiqot ishlari olib borishi bilan birgalikda ijtimoiy sohada ham samarali natijalarga erishayotgan, ozarbayjon xalqining manfaati, ma’rifati yo‘lida tinmay mehnat qilib kelayotgan fidoyi ziyolilaridandir.
Mahire xanim Huseynova ilmiy faoliyatining katta qismini ozarbayjon tili leksikologiyasi, leksikografiyasi, terminologiyasi, dialektologiya tadqiqiga bag‘ishlangan tadqiqotlar tashkil qiladi. Atoqli olimaning tilshunoslik ilmiga doir 28ta kitobi nashr qilingan bo‘lib, bularning asosiy qismini monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar tashkil qiladi.
Mahire xanim Huseynova doktorlik dissertatsiyasining yuzaga kelishi Ozarbayjon Respublikasining ma’naviy mulki sanalgan milliy tilning nufuzini tiklash, uni hayotning barcha jabhalarida qo‘llashga ehtiyoj sezilgan, milliy adabiy tilga e’tibor kuchaygan davriga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun mazkur yirik ilmiy tadqiqotni keng jamoatchilik yaxshi kutib oldi. Zero, tadqiqot natijalari nafaqat tilshunoslarga, balki adabiyotshunoslarga ham ma’qul bo‘lib, sohaviy leksika izchil tahlil qilingan fundamental ishlar sifatida e’tirof qilindi. Nafaqat o‘sha davr, balki hozirgi paytda ham dolzarbligi saqlanganligi tufayli Mahire xanimning tadqiqotlaridan nafaqat ozarbayjonlik olimlar, balki turkiy xalqlarining barcha atoqli olimlari – ilmiy jamoatchilik manba sifatida unumli foydalanib kelmoqda.
Mahire xanim Huseynova oliy ta’lim tizimidagi ko‘p yillik faoliyati davomida 400dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlarni e’lon qildi. Uning oliy pedagogik ta’lim me’yoriy hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha to‘plagan katta tajribasi ayni o‘rinda, o‘z mutaxassisligiga oid fan dasturlari va o‘quv adabiyotlarini yaratishda qo‘l kelmoqda. Olimaning bu sohada yaratgan asarlaridan Ozarbayjon Respublikasidagi ta’limning barcha turlari va tizimlarida faol foydalanilmoqda.
Mahire xanim Huseynova, shuningdek, uzoq yillar mobaynida tilshunoslik bo‘yicha oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishiga barakali hissa qo‘shib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida ko‘plab tadqiqotchilar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasini yoqlashgan. U yana o‘nlab tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda. Yigirmaga yaqin dissertatsiyalari himoyasiga rasmiy opponentlik qilgan.
Mahire xanim Huseynova 2021-yildan beri Ozarbayjon Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasining filologiya fanlari bo‘yicha Ekspert Kengashiga raislik qilib kelmoqda.
Mahire xanim Huseynova atoqli olima bo‘lishi bilan birga el sevgan va ardoqlagan mashhur shoira hamdir. Mahire xanimning she’rlari jamlangan 16 ta kitobi nashr qilingan. Ozarbayjon Respublikasida uning ilmiy va she’riy kitoblari haqida 300dan ortiq maqolalar nashr qilingan.
Ko‘rinadiki, Mahire xanim Huseynova ilmiy-ijodiy hayotning ko‘p jabhalarida namuna bo‘lib, barchaga ibrat timsoli bo‘lib kelmoqda. “Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin” deganlaridek, Mahire xanim Huseynova insoniylik ilmi bobida ham ko‘pchilikka saboq bera oladigan ustozdir. Darhaqiqat, Mahire xanim Huseynova ilmiy tadqiqotlarga ham, ta’lim jarayoniga ham eng yuksak talablarni qo‘yadi. Shunga ko‘ra ustoz ilmning haqiqiy sohiblarini hamisha e’zozlab, motivatsiya berib kelayotgan kam sonli insonlardan biridir. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, Mahire xanim Huseynovaning jiddiy qiyofasi ortida o‘ta dilkash, inson sha’ni va mehnatini qadrlaydigan, muruvvatli, mehribon, hazil-mutoibani yaxshi ko‘radigan shaxs yashiringan.
Shaxsan men o‘zim Mahire xanim bilan 2 marta uchrashish sharafiga ega bo‘ldim. Birinchi marta talabalarim bilan Ozarbayjon davlat pedagogika universitetiga akademik mobillik doirasida borganimizda Mahire xanim bizlarni o‘z kabinetlarida yuksak ehtirom va hurmat bilan qabul qilgan edilar. To‘g‘risi, shunday mashhur olima va shoira, davlat arbobi bo‘lgan nufuzli xonimning bizlarga bo‘lgan samimiy munosabati, mehmondo‘stligidan men ham, talabalarim ham hayron qolgan edik. Mahire xanimga xos eng yaxshi xislatlardan biri uning nihoyatda ishchanligi, keng fikrlashi, bag‘rikengligi hisoblanadi. U har qanday muammoni, hattoki, eng qiyin masalalarni ham osongina, hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz hal qilish qobiliyatiga, qudratiga ega insondir. Xususan, bizning – o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchi, talabalarning 7 kun davomida Bokuda bo‘lishimiz, universitetdagi barcha imkoniyatlardan foydalanishimiz va akamdemik mobillikni muvaffaqiyatli amalga oshirishimizda Mahire xanimning xizmati buyuk. Ayniqsa, dam olish kuni bo‘lganiga qaramay, bizlar bilan Ozarbayjon davlat pedagogika universitetining Guba filialiga yetib borib, u yerda bizning sharafimizga “O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik kechasi” tadbirini uyushtirgani, Guba tog‘lariga sayohatga taklif qilib, u yerdagi ajoyib restoranda bizlarni mehmon qilganini hech qachon unutmaymiz. Biz Bokuda kechirgan 7 unutilmas kun uchun Mahire xanimdan umrbod minnatdormiz.
Mahire xanim bilan 2-uchrashuvimiz Toshkentda kechdi. Mahire xanimni o‘zbekistonlik do‘stlari juda ko‘p bo‘lganligi tufayli ular bilan uchrashish oson kechmadi. Ular Jizzaxda, Samarqandda, keyin Toshkentda juda ko‘p uchrashuvlar va tadbirlarda qatnashib, Respublikamizdagi ko‘plab Oliy ta’lim muassasalarining “Faxriy professori” unvoni bilan taqdirlanib, xullas, juda tig‘iz va qizg‘in safar jadvali orasida biz bilan uchrashishga vaqt topdilar (buning uchun ularga ming rahmat). Uchrashuvda xalqlarimiz, universitetlarimiz o‘rtasidagi do‘stona, ilmiy-ijodiy aloqalar, ilmiy-ijodiy rejalar haqida fikr almashdik. Bizlarni eng quvontirgani Mahire xanimga O‘zbekiston, Toshkentning juda yoqqani bo‘ldi. Ular keyingi safar Buxoro va Xivaga ziyorat qilishni niyat qilganliklarini aytib, bizlarni bu safarda birga bo‘lishga taklif qildilar. Mahire xanimning “O‘zbek va ozarbayjon tillarining parallel korpusi”ni yaratish haqidagi taklifimizni qabul qilganliklari bizga alohida sharaf bag‘ishladi. Shuningdek, Mahire xanimning “Ozarbayjon-o‘zbek tillarining qiyosiy grammatikasi” monografiyasini yozayotganliklarini bilib, boshimiz ko‘kka yetdi. Xudo xohlasa, bu kitobning taqdimotlarini Bokuda va Toshkentda o‘tkazishni niyat qildik. Bundan tashqari ham Mahire xanim boshchiligida yana boshqa xalqaro loyihalarni amalga oshirishni reja qildik.
Bugungi kunda ham Mahire xanim Ozarbayjon davlat pedagogika universitetida qutlug‘ ishlarning boshida, qaynoq ilmiy- ijodiy jarayonda. Ilmni umrining mazmuni deb bilgan olima, ozarbayjon tilshunosligining dunyo miqyosidagi taniqli namoyandasi, filologiya fanlari doktori, professor Mahire xanim Huseynova asrlarga tengdosh umr, mustahkam sog‘lik, ilmiy va ijodiy zafarlar tilaymiz. Ular ayni kuch-quvvatga, shijoatga to‘lib, hayotda ham, ilmda ham bardam, ijodda esa sermahsul. Shuning uchun ularning o‘z oldiga qo‘ygan rejalari juda katta. Ilm sirlarini ochishda charchamang, tinib-tinchimas, zahmatkash, hurmatli va e’zozli ustozimiz Mahire xanim Huseynova!

Saodat Muhamedova,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “O‘zbek tili va adabiyoti ta’limi” kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor”

ADPU-nin Filologiya Fakültəsi